Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
16.10.2017 17:27:07

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hikoyasi: Nafaqat foydali, balki qulay va tejamli ham

Chaqalog‘im - oilamiz uchun haqiqiy mo‘jiza. 7 yil bepushtlik! Keyin esa o‘tkazilgan test mening homilador ekanligimni ko‘rsatib berdi. So‘ngra, UZI shifokori qabilida aytganda “loviyacha”mizning yurak urishini ilk bor eshitdim. Keyin tabiiy yo‘l bilan tug‘ish va, qarabsizki, jigarbandimni qo‘limda tutib turibman-da. Albatta, ko‘plab onalar kabi men ham ko‘krak suti bilan boqishning foydalari to‘g‘risida juda ko‘p narsalarni o‘qigan edim va shu tufayli tug‘ruq zalining o‘zidayoq qizalog‘imni ko‘kragimga qo‘yishlarini so‘radim.

20622804_10155549278499935_353105863_o.jpg

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish imkoniga erishish uchun kurashim yengil bo‘lmadi. Biz tug‘ruqxonadan ba’zi bir murakkabliklar bilan chiqarildik. Sog‘lig‘im bilan bo‘lgan muammolarga qaramasdan (21 kun davomida antibiotiklar qabul qilish, ko‘kragimni teshish va yiring chiqarishga to‘g‘ri keldi), qizim ikkimiz ko‘krak suti bilan oziqlantirish imkoniyatini qo‘lga kiritdik! Men uni 2 yil-u 2 oy davomida emizdim.

Pediatr shifokorimizning so‘zlariga qaraganda, faqat ko‘krak suti bilan boqishning to‘rtinchi oyiga kelib qizim yaxshigina vazn orttirgan edi. Ammo, shifokor tavsiyasiga qaramasdan, qizalohimning shirin baqbaqalari uni parhez ovqatlanish usuliga o‘tqazishimga yo‘l qo‘ymadi. Mastit (ko‘krak bezlarining yallig‘lanishi)dan so‘ng men juda ozg‘in edim, ammo qo‘limda do‘mboq, shirintoy qizalog‘im bor edi. 

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish men uchun nimani anglatadi? Bu - qulaylik! Bu ovqat va ichimlikning doimo kerakli quyuqlik va haroratda bo‘lishi demakdir. Yo‘lda ham hech qanday muammolar yuzaga kelmaydi. Eng ajoyibi shundaki, bola sahar soat 5-6 larda uyg‘onib qolsa ham unga beradigan ovqatingiz tayyor. Qorinni to‘yg‘azamiz, quchoqlashamiz va qaytib uyquga ketamiz.

Bu oila byudjetini tejashga ham imkon beradi, chunki go‘daklar uchun yaxshi qorishmalar arzon turmaydi. Buning ustiga ularning tarkibi va saqlanish muddati borasida doim ham xotirjam bo‘lolmaysiz. Ko‘krak suti bilan esa barchasi ancha qulay - butun jarayonni har doim o‘zingiz nazorat qilasiz!

Muallif: Muhabbat Turkmenova

Rasm: Muallif arxividan

Marta o’qilgan: 215