Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
16.08.2017 17:21:40

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hikoyasi: Bola manfaatida iloji bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q

Emizishmi yoki chaqaloqlar ozuqasini berishmi - bunga har bir onaning o‘zi qaror qiladi va ishonchim komilki, ona bu qarorida farzandining manfaatlaridan kelib chiqadi. Men ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha o‘z hikoyamni o‘rtoqlashishni istashimdan maqsad, nimanidir o‘rgatish yoki kimgadir na’muna bo‘lish emas. Bor-yo‘g‘i shunaqa ham bo‘lishini aytmoqchiman, xolos.

feruzaabidova1.jpg

UZI shifokori homilam egizak ekanligini aytganida, hursandlikdan paydo bo‘lgan ko‘z-yoshlarim tufayli ikki og‘iz kalima aytishga ojiz holda yotar edim. O‘zimni behad baxtli his qildim, Alloh menga in’om tortiq etayotganligini angladim. Homiladorlik qanday kechganligini aytib o‘tirmayman, ammo, u ham o‘ziga xos sinov bo‘ldi! Bittadan ortiq homilaga ega bo‘lish, umuman olg‘anda, normal holat hisoblanmaydi va shunga yarasha xatarlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun butun homiladorlik davrimda miyamda “asosiysi - tug‘ruqqa yetib olish, uyog‘ini bir amallayman”, - degan fik aylanar edi.

Ikkinchi g‘ayrioddiy syurpriz - bizning egizaklarimiz “shohona” egizak ekan! Ya’ni, egizaklarning biri qiz, ikkinchisi - o‘g‘il bola ekan. O‘sha vaqtda men uchun bundan ham ortiq xushxabar bo‘lishi mumkinmidi? Men tabiatan nozik va bo‘shroq bo‘lishimga qaramasdan, endi botir jangchiga aylandim. Menda o‘zimga bo‘lgan ishonch va oldimda aniq maqsad paydo bo‘ldi. Ushbu maqsad - farzandlarimni o‘z muddatida va sog‘lom dunyoga keltirish edi.

feruzaabidova2.jpg

Yaratganga shukurki, 38-haftada ko‘zim yoridi va vazni 2 kilo 800 gramm bo‘lgan qiz hamda 3 kilo 200 gramm bo‘lgan o‘gil farzandlarni dunyoga keltirdim. So‘nggi daqiqaga qadar tug‘ruq qanday bo‘lishini bilmagan edim. Tug‘ruq tabiy ravishda kechdi. Bunday deyishim qahramonlarcha yangraydi, ammo, bu - shifokorning xizmati. U shunchalik ishonchli muhit yaratib, o‘zini sokin tutib, shunday mehribonlik ko‘rsatdiki, natijada hammasi yaxshi o‘tdi.

Tug‘ruqxonada ekanligimda ko‘pchilikdan bir-necha bor “Chaqaloqlar ozuqasini ham bering! Ikkalasini to‘ydirolmaysiz!” kabi ko‘rsatmalarni eshitdim. Bu huddi hukm kabi yangrar edi. Ammo, men qandaydir super-ayolga aylandim. “Bu egizaklarni o‘zim tuqqan bo‘lsam, “to‘ydirolmaysiz” degani nimasi?” deb o‘ylardim. Faqat o‘z fikrlarimni eshitar edim. Buni qanday tushuntirishni bilmayman, ammo, o‘z ichki hislarimga asoslangan holda egizaklardan goh birini, goh ikkinchisini ko‘kragimga qo‘yaverdim. Ikkinchi kuni sut keldi. Uchinchi kuni esa pediatr oila a’zolarimga “yaqiningiz juda dadil ekan, egizaklarni faqat o‘zi emizmoqchi”, - debdi. Men o‘zimdan fahrlanardim!

feruzaabidova3.jpg

Ammo, bu bilan mening “sutim yetishi” to‘g‘risidagi shubhalarim yakun topmadi. Uyda menga tinmasdan: “Bolalarning qorni to‘ymayapti! Bir ona birdaniga ikki chaqaloqni emizolmaydi! Qo‘shimcha oziqlantirish kerak!” deb ta’kidlardilar. Hech kim menga ishonmas edi. Men esa, hammasini to‘g‘ri qilayotganimni his etardim, “men ularning onasiman va ularga nima afzalligini o‘zim bilaman”, - deb o‘ylardim.

Menda yordamga ehtiyoj bor edi. Uyga ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha maslahatchini chaqirdim. Bu dono ayol men ongosti darajasida bilganlarimni tili bilan ifodaladi go‘yo. U chaqaloq faqat och qolgandagina emas, balki qo‘rqqanida, sarosimaga tushganda va o‘zini noqulay his qilganida ham onasining ko‘kragini emishni istab qolishini aytdi. Hayotning birinchi bir necha oyi huddi ona qornida o‘tkazilgan 9 oyga o‘xshashligi, ona va bola bir yaxlit tana kabi bo‘lishligini hamda ona ko‘kragi, ona tafti, uning hidi, yuragining urishi - bularning barchasi ona va bola o‘rtasidagi aloqa rishtasini hosil qilishi, bola uchun bu “onang yoningda” degani ekanligini aytdi. Shu bilan birga, dastlabki vaqtlarda sut o‘zidan-o‘zi yo‘qolib ketmasligini, bor-yo‘g‘i kunning ba’zi soatlarida uning hajmi odatdagidan kamroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Sut ishlab chiqilishini jadallashtirish uchun esa, bor-yo‘g‘i, bolani ko‘krakka qo‘yish sanog‘ini ko‘paytirish kerak ekan. Va eng asosiy yangilik: nechta bola tug‘ilganidan qat’iy nazar, onaning tanasi qancha sut kerak bo‘lsa, shuncha sut ishlab chiqarar ekan! Ikkala ko‘krakka bittadan chaqaloqni qo‘ysangiz, masala hal - sutning miqdori ikki barobar oshadi. Tabiat buni hisobga olmagan bo‘lishi mumkin emas!

Hozir egizaklarim 2 yoshdan oshdi. Lekin hozir ham ularni emizishni to‘xtatganim yo‘q, ammo faqat kechasi emizaman. Ko‘krakdan ajratishim qanday bo‘lishini hozircha bilmayman. Ammo, dastlabki 6 oy davomida farzandlarim faqat ona suti bilan ozuqalanganidan xursandman. Men bu narsa naqadar muhimligi va bu qo‘limdan kelishini his qilgan edim. 

Muallif: Feruza Abidova

Rasm: Muallif arxividan

Marta o’qilgan: 47