Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
24.03.2017 16:55:01

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda xavfli kasalliklar alomatlarini aniqlash

UNICEF Uzbekistan
© UNICEF Uzbekistan

Yo‘tal, shamollash, tomog‘ og‘rishi va tumov - bu bolalar tez-tez chalinadigan xastaliklar. Odatda ular jiddiy xavotirga sabab bo‘lmaydi. Biroq ayrim vaziyatlarda yo‘tal pnevmoniya ya’ni o‘pka yallig‘lanishi va sil kabi jiddiy kasalliklarning belgisi hisoblanadi. Pnevmoniya - butun dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining asosiy sababidir, undan keyingi o‘rinda esa diareya turadi. Har yili pnevmoniyadan 2 millionga yaqin bolalar nobud bo‘ladi, ya’ni bu OITS, bezgak va qizamiq sababli hayotdan ko‘z yumadigan jami bolalardan ko‘proqdir. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining har beshinchi holatiga respiratorli infeksiyalar sababchi bo‘ladi.

Barcha qiz va o‘g‘il bolalar respiratorli infeksiyalar va boshqa kasalliklar bo‘yicha o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashni kafolatlaydigan sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lish huquqiga ega.

Har bir oila yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va kichik bolalardagi xavfli kasalliklar alomatlari to‘g‘risida bilishi lozim bo‘lgan eng muhim ma’lumotlar:

  • Ba’zida yo‘tal jiddiy muammoning belgisi bo‘lishi mumkin. Tez-tez nafas oladigan bola pnevmoniyaga, ya’ni infeksiya sababchi bo‘ladigan o‘pka yallig‘lanishiga chalingan bo‘lishi mumkin. Bunday kasalliklar bola hayotini xavf ostiga soladi. Xastalangan bolani zudlik bilan davolash lozim, malakali tibbiyot xodimi esa bolani tibbiyot muassasasiga yuborishi mumkin.
  • Ota-onalar bolalarni hayotining dastlabki olti oyi davomida faqat ko‘krak suti bilan boqib, yetarli darajada ovqatlantirib va doimo o‘z vaqtida emlatib, ularni kasallanishdan saqlab qolishlari mumkin.
  • Yo‘tali uzoq muddat - uch haftadan ortiq davom etib kelayotgan bola zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilishiga muhtoj bo‘ladi. Bunday holatda bola sil kasali yoki o‘pkaning yuqumli xastaligiga uchragan bo‘lishi mumkin.
  • Agar yangi tug‘ilgan chaqaloqda yoki kichik bolada holsizlanish, yuqori harorat, terisining rangi sarg‘ayishi, ko‘karishi yoki rangsiz bo‘lib ketishi, ko‘zlari kirtayishi, ovqat yeyolmaslik, ko‘ngil aynishi, qorin shishib ketishi, tomir tortishib qolishi, ko‘z qovoqlari shishib qolishi, ichketar va qonli najas kelishi kabi alomatlardan biri kuzatilayotgan bo‘lsa, bolani parvarishlayotgan ota-onalar yoki boshqa tarbiyachilar darhol tibbiy yordam so‘rab murojaat etishlari shart.

Marta o’qilgan: 92