Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
21.11.2017 17:43:13

Ovqatlanish

UNICEF Uzbekistan
© UNICEF Uzbekistan

Har yili bolalar o‘limi holatlarining uchdan bir qismi ovqatga to‘ymaslik, ayniqsa yetarlicha ovqatlanmaslik sababli ro‘y beradi, chunki bu organizmning kasalliklarga nisbatan qarshiligini zaiflashtiradi. Agar ayol homiladorlik davrida to‘yib ovqat yemagan yoki bola o‘z hayotining dastlabki ikki yili ichida yetarlicha oziqlanmagan bo‘lsa, bolaning jismoniy va aqliy o‘sishi va rivojlanishi sekinlashadi. Buni hatto bola kattaroq bo‘lganda ham, hech qanday usul bilan to‘g‘rilab bo‘lmaydi, va ana shu holat uning butun keyingi umriga ta’sir ko‘rsatadi.

Bola yetarli miqdorda quvvat (kaloriya), oqsil moddalari, uglevodlar, moylar, vitamin va minerallar hamda sog‘lom a’zo va to‘qimalar shakllanishi va tegishli darajada funksiyalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan foydali moddalarga ega bo‘lmayotganda ovqatga to‘ymaslik holati rivojlanadi. Yosh bola yoki kattalarning ovqatga to‘ymaslik holati ham ovqatni to‘yib yemaslik, ham keragidan ortiqcha ovqat iste’mol qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Dunyo mamlakatlarning aksariyatida ovqatga to‘ymaslik holati odamlar yetarlicha ovqatlanmaganlari sababli rivojlanadi. Buning asosiy sabablari, ayniqsa ayollar va bolalar orasida, kambag‘allik, ozuqa yetishmasligi, tez-tez kasalliklarga chalinish, nomaqbul ovqatlanish amaliyoti, parvarish va sanitariya-gigiyena ko‘nikmalari yo‘qligi bilan izohlanadi.

Odam ortiqcha vaznga ega bo‘lganda yoki semirib ketgandan aziyat chekayotganda keragidan ortiqcha ovqat iste’mol qilish holati rivojlanadi. Bu yoshlikda diabetga, yetuk yoshda esa - yurak kasalliklari va boshqa xastaliklarga chalinishga sabab bo‘lishi mumkin. Ba’zida bolalar juda ko‘p yuqori kaloriyali, lekin tarkibi kerakli foydali moddalarga boy bo‘lmagan ovqat iste’mol qilishadi. Masalan, bu kabi ozuqalarga tarkibida katta miqdorda qand mavjud bo‘lgan ichimliklar, qovurilgan ovqat, asosan uglevodlardan tarkib topgan ozuqa mahsulotlari kiradi. Bunday holatlarda bolaning ovqatlanish sifatini yaxshilash bilan bir qatorda uning jismoniy faolligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

OIV kabi surunkali kasalliklarga uchragan bolalar yetarlicha ovqatlanmaslik xatariga duchor bo‘ladilar. Ularning organizmiga vitaminlar, temir minerallari va boshqa foydali moddalarni o‘zlashtirish uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Rivojlanishda nuqsoni bor bo‘lgan bolalar zaruriy ozuqa olayotganlariga ishonch hosil qilish uchun ularga kattalarning qo‘shimcha e’tibori talab etiladi.

Barcha qiz bolalar va o‘g‘il bolalar mehr va himoya hamda ota-onalar va boshqa tarbiyachilar ularni sog‘lom va to‘yimli parhez bilan ta’minlashlari huquqiga egadirlar.

Har bir oila ovqatlanish to‘g‘risida bilishi lozim bo‘lgan eng muhim ma’lumotlar:

  • Har bir bola tez o‘sishi va vaznini oshirishi lozim. Bola tug‘ilgandan keyin ikki yoshga to‘lgunga qadar muntazam ravishda uning og‘irligini o‘lchash va o‘sib borishini baholash lozim. Agar bolaning og‘irligini muntazam o‘lchab turish jarayonida uning vazni ortmayotgani ma’lum bo‘lsa yoki ota-onalar yoxud boshqa tarbiyachilar bola o‘smayotganligini payqab qolgan bo‘lsalar, demak, bolaning rivojlanishida biron nuqson mavjud. Bunday bola yuqori malakali tibbiyot xodimining kuzatuviga muhtoj bo‘ladi.
  • Ko‘krak suti - bu bola hayotining dastlabki olti oyi davomida muhtoj bo‘ladigan yagona ozuqa va ichimlikdir. Olti oylik bo‘lgandan keyin esa, bolaning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash uchun, unga ko‘krak sutiga qo‘shimcha turli ozuqa berib turish kerak bo‘ladi.
  • Bola 6-8 oyga to‘lgandan boshlab uni ko‘krak sutidan tashqari bir kunda ikki-uch mahal, 9 oylik bo‘lgandan so‘ng esa - uch-to‘rt mahal qo‘shimcha ozuqa bilan boqib turish talab etiladi. Bolaning ishtahasiga qarab, unga ovqatlanishlar oralig‘ida biroz tamaddi qilish, masalan, mevalar yoki yong‘oq pastasi bilan non berish mumkin. Bolani kichik miqdordagi ovqat bilan boqish kerak, so‘ng, bola o‘sishiga qarab, ovqat miqdorini asta-sekin ko‘paytirish va uning tarkibini turli xil ozuqalar bilan boyitish lozim.
  • Ovqatlantirish vaqti - bu o‘rganish, mehr ko‘rsatish va o‘zaro aloqa bog‘lash davri bo‘lib, bolaning jismoniy, ijtimoiy va emotsional rivojlanishiga xizmat qiladi. Ota-onalar yoki boshqa tarbiyachilar bolani boqish vaqtida u bilan so‘zlashishlari hamda o‘g‘il bola va qiz bolaga bir hil munosabatda bo‘lib, sabr bilan boqishlari kerak.
  • Bolalar organizmning turli kasalliklarga qarshiligini oshirish, ko‘rish qobiliyatini himoyalash va nobud bo‘lish xatarini kamaytirishga yordam beradigan A vitaminiga muhtoj bo‘ladilar. A vitamini ko‘pgina sabzavot va mevalar, qizil palma moyi, tuxum, sut mahsulotlari, jigar, baliq, go‘sht, vitaminlashtirilgan ozuqa mahsulotlari va ko‘krak suti tarkibida mavjud. Agar A vitamini yetishmayotganligi kuzatilsa, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘rt-olti oyda bir marta tarkibida ushbu vitaminlar katta miqdorda mavjud bo‘lgan qo‘shimcha ozuqalarni berish mumkin.
  • Bolalarning jismoniy va aqliy qobiliyatlarini himoya qilish hamda anemiya, ya’ni kamqonlikning oldini olish maqsadida bolalar temir mikroelementlariga boy bo‘lgan ovqatga muhtoj bo‘ladilar. Bunday moddalarning eng maqbul manbai - chorva mollari mahsulotlari: jigar hamda go‘sht va baliqning yog‘siz turlari hisoblanadi. Bundan tashqari temir moddasi bilan boyitilgan va uning qo‘shimchalariga ega bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish mumkin.
  • Homilador ayol va bolaning parhez ozuqalarida yod mavjud bo‘lishi bola miyasi rivojlanishi uchun juda muhim ahamiyatga ega. Ushbu modda bilim o‘zlashtirishga qobiliyatsizlik va rivojlanishdagi to‘xtab qolish holatining oldini olishga yordam beradi. Oddiy osh tuzi o‘rniga yodlangan tuzdan foydalanish homilador ayollar va bolalarning yodga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
  • Bola iste’mol qiladigan ovqat va suyuqlik miqdori ko‘payganda ichketar ya’ni diareyaga chalinish xatari anchagina oshadi. Oziq-ovqat mahsulotlari mikroblar bilan zararlanib qolishi - bu bola o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ozuqaviy moddalar va quvvat yo‘qotilishiga olib keladigan diareya va boshqa xastaliklar yuzaga kelishining asosiy sababidir. Sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, xavfsiz suvdan foydalanish hamda ovqatni to‘g‘ri tayyorlash va saqlash bunday kasalliklarning oldini olishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
  • Bolalarga ushbu xastalikka chalingan davrda qo‘shimcha suyuqlik berib turish hamda muntazam ravishda ovqatlantirish, chaqaloqlarni esa tez-tez emizib turish kerak. Bola kasallik vaqtida yo‘qotgan quvvat va ozuqaviy moddalar o‘rnini to‘ldirish uchun, tuzalgandan so‘ng unga odatdagiga nisbatan ko‘proq ovqat berish lozim.

Marta o’qilgan: 2500